2025 yilda Dushanbe XJS orderiga qaramay, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish majburiyatini bajarmagani sababli tanqidga uchragandi.
"Tojikiston parlamenti quyi palatasi kengashi 16 sentyabr kungi navbatdan tashqari yig‘ilishida “Xalqaro jinoiy sudning Statuti amal qilishini tugatish to‘g‘risida”gi qaror loyihasini muhokama qildi. Mazkur masalalarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi", deya xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Tojikiston Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutiga a’zo davlat hisoblanadi. Dushanbe Rim statutini 1998 yil 30 noyabrda imzolagan va 2000 yil 5 mayda ratifikasiya qilgan. Statut 2002 yil 1 iyuldan e’tiboran kuchga kirgan.
2025 yilda Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) Tojikiston Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Dushanbega tashrifi chog‘ida uni hibsga olish orderini ijro etish bo‘yicha Statut doirasidagi majburiyatlarini bajarmaganini ma’lum qilgandi.
XJS Vladimir Putin hamda Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarni noqonuniy deportasiya qilish shaklidagi harbiy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab, ularni hibsga olishga order bergan.