Bugun 10 dekabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Telegram messenjeri orqali firibgarlikning yangi turi aniqlanmoqda

Telegram messenjeri orqali firibgarlikning yangi turi aniqlanmoqda

UZCERT xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, so‘nggi vaqtlarda Telegram messenjeri orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari keskin ortgani kuzatilmoqda.

Firibgarlar Telegram guruhlarida mavjud bo‘lgan ochiq ko‘rinishdagi @username ma’lumotlaridan foydalanib, guruhga qo‘shilmagan holda guruhdagi foydalanuvchilarni kuzatib chiqishmoqda. So‘ngra ular guruh a’zolari orasidan biror foydalanuvchini tanlab, uning Telegram profilini to‘liq nusxalashmoqda. Ya’ni:
— profil rasmi,
— ism-familiya,
— @username,
— bio va boshqa elementlar firibgar tomonidan aynan bir xil shaklda qayta yaratiladi.
Shundan so‘ng firibgarlar o‘sha foydalanuvchining guruhdagi boshqa ishtirokchilariga shaxsiy xabar orqali murojaat qilib, “shoshilinch pul kerakligi”, “qarz berib turishni iltimos qilishi” kabi yolg‘on vajlar bilan noma’lum shaxs nomiga tegishli bank karta raqamini yuborib, zudlik bilan pul o‘tkazishni so‘rashmoqda.

Tanishining Telegram profilidan kelgandek ko‘ringan xabarni tekshirmasdan pul o‘tkazib yuborayotgan fuqarolar moliyaviy zarar ko‘rayotgani holatlari qayd etilmoqda.

Telegram foydalanuvchilari uchun xavfsizlik tavsiyalari;
1. Telegram hisobingizni himoya qilish uchun ikki bosqichli parol (2FA)ni yoqing va kuchli maxfiy paroldan foydalaning.
2. Profilingizdagi telefon raqami, rasm, “last seen” kabi ma’lumotlarni begona foydalanuvchilardan yashirib, faqat ishonchli kontaktlarga ko‘rinadigan qilib qo‘ying.
3. Noma’lum akkauntlardan kelayotgan pul so‘rash, sovrin yutdingiz yoki shoshilinch yordam kabi shubhali xabarlarga ishonmang va bunday linklarni ochmang.
4. Sizga tanishingizdan kelgandek ko‘ringan xabar bo‘lsa ham, pul o‘tkazishdan oldin unga telefon orqali bevosita qo‘ng‘iroq qilib, xabar haqiqatda undan kelganini tasdiqlang.
5. Telegramdan yuklab olingan har qanday fayl, ayniqsa .apk yoki .exe formatdagi fayllarni ochishdan oldin manbasini tekshiring va noma’lum fayllarni ochmang.
6. Profilingizdan foydalanilayotgan barcha aktiv sessiyalarni muntazam tekshirib boring va noma’lum qurilmalarda ochiq turgan sessiyalarni darhol o‘chirib tashlang.

Kiritildi: 16:30 09.12.2025. O'qildi: 874 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!