8 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida muhim yuk operasiyasi amalga oshirildi va noyob samolyot kutib olindi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports.
Qayd qilinishicha, mahalliy vaqt bilan soat 1:15 da aeroportga «Air Atlanta Icelandic» aviakompaniyasining Boeing 747-400 yuk reysi qo‘ndi. U Toshkentga Belgiyaning Liyej shahridan 93 tonna tirik qoramol olib keldi. Samolyot bortida Germaniya va Avstriyadan keltirilgan Simmental va Golshtin zotlariga mansub sigirlar bor edi. Simmentallar sut va go‘sht ishlab chiqarishda universalligi bilan mashhur, golshtinlar esa yuqori sut sog‘imi va mahsuldorligi bilan tanilgan.
Ta’kidlanishicha, chorva mollarni bortdan tushirish va olib ketish barcha veterinariya talablariga muvofiq tezkorlik bilan amalga oshirildi. Aeroport mutaxassislari yuk operasiyalarini amalga oshirishda yuqori darajadagi tayyorgarlikni namoyish etdi hamda jonivorlarni havo kemasidan xavfsiz tushirish va joylashtirishni ta’minladi.