Xitoyda milliy terma jamoa futbolchilariga tatuirovkalarini ochiq ko‘rsatgan holda maydonga tushish yana taqiqlandi.
derbyderbyderby.it nashrining xabar berishicha, terma jamoaga chaqirilgan o‘yinchilar tanasidagi ko‘rinib turgan tatuirovkalarni teri rangidagi maxsus yenglar bilan berkitishi shart.
Aslida bu talab avval ham mavjud bo‘lgan, biroq so‘nggi yillarda uning bajarilishi qat’iy nazorat qilinmagan. Endi esa cheklovlar yana kuchaytirilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu qaror Xitoy hukumatining G‘arb madaniyati ta’sirini cheklashga qaratilgan kengroq siyosati bilan bog‘liq.
Qizig‘i, taqiq faqat milliy terma jamoa futbolchilariga taalluqli. Xitoy ichki chempionatlarida o‘yinchilar tatuirovkalarini yashirmasdan maydonga tushishi mumkin.