Iqtisodiy sudda nizolashayotgan taraflarning o‘zaro murosaga kelishi har doim ham kelishuv bitimi tasdiqlanishini anglatmaydi. Sud bunday hujjatning qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksining 134-moddasida kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etish uchun uchta asos belgilangan.
Xususan, bitim shartlari qonunchilikka zid bo‘lsa, uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qilsa yoki bitim shart asosida tuzilgan bo‘lsa, sud uni tasdiqlamaydi.
Mazkur kodeksning 133-moddasiga ko‘ra, kelishuv bitimini tasdiqlash masalasi ishni ko‘rayotgan sud tomonidan sud majlisida hal etiladi.
Agar tekshiruv jarayonida qonunda belgilangan cheklovlardan biri aniqlansa, sud bitimni tasdiqlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Demak, taraflarning kelishuvga erishgani nizoni sud orqali avtomatik ravishda yakunlash uchun yetarli emas. Bitim qonuniy bo‘lishi, shuningdek, boshqa shaxslarning huquq va manfaatlariga daxl qilmasligi lozim.