Bugun 10 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

“So‘z ixtilof emas, balki o‘zaro anglashuv manbai bo‘lishi lozim” — Sherzod Asadov

“So‘z ixtilof emas, balki o‘zaro anglashuv manbai bo‘lishi lozim” — Sherzod Asadov

Toshkentda O‘zA va TASS hamkorligida tashkil etilgan III O‘zbekiston–Rossiya media forumida 200 dan ortiq ishtirokchi jam bo‘ldi. Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va strategik sheriklik media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Forumda O‘zbekiston media sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari haqida ham so‘z yuritildi. Mamlakatdagi 2700 ta OAVning 67 foizi xususiy sektorga tegishli, internet qamrovi 94 foizga yetgan, faol kontent iste’molchilari soni 32,7 milliondan oshgan.

Shuningdek, joriy yilda 15 ming nomdagi kitob 60 milliondan ortiq nusxada chop etilgan. Kontent markazi tayyorlagan 26 mingdan ziyod mediamahsulot qariyb 2 milliard marta tomosha qilingan, Markaziy Osiyoda ilk Milliy mediabank ishga tushirilgan.

Prezident matbuot kotibi dezinformasiyaga qarshi kurashish milliy xavfsizlik darajasidagi masalaga aylanganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, feyk va dipfeyklar ko‘payib borayotgan sharoitda axborot hujumlari davlatlar va xalqlar o‘rtasida ixtilof keltirib chiqarmasligi kerak.

Sherzod Asadov O‘zbekiston va Rossiya media hamkorligining to‘rtta ustuvor yo‘nalishini ilgari surdi. Bular — qo‘shma jurnalistika maktablari va stajirovkalar tashkil etish, axborotni tekshirishning umumiy standartlarini yaratish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma ishlanmalar hamda jurnalistlar, blogerlar va tahririyatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirishdan iborat.

Nutqi yakunida Sherzod Asadov forum yangi hamkorlar topish va qo‘shma loyihalarni boshlash uchun amaliy maydon bo‘lishiga ishonch bildirib, Alisher Navoiyning “Kimki do‘st topsa, xazina topibdi” degan hikmatini keltirdi.

Kiritildi: 15:41 09.11.2026. O'qildi: 518 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik