Bugun 10 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Eron AQShga qo‘ygan talablarini yana bir bor ma’lum qildi

Eron AQShga qo‘ygan talablarini yana bir bor ma’lum qildi

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy AQSh bilan muzokaralar, Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat, yadroviy dastur va qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarga doir bir qator bayonotlar berdi. U Vashington va Isroilni mintaqada beqarorlikni keltirib chiqarishda ayblab, Tehron o‘z talablaridan voz kechmasligini ta’kidladi.

Hurmuz bo‘g‘ozi va AQSh bilan muzokaralar. Baqoiyning aytishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalar o‘z harakatlarini Eron hukumati bilan muvofiqlashtirishi kerak. AQSh va Isroil mintaqadagi harakatlarini davom ettirar ekan, dengiz yo‘llarida xavfsizlik tiklanmaydi. Tehron dengiz blokadasi va harbiy harakatlarni to‘xtatish, shuningdek, sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda. Baqoiy «ikki kunlik reja»ni yaxshi niyat ifodasi deb atab, Vashingtonni Islomoboddagi kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni buzishda aybladi.

Yadroviy dastur va MAGATE. Baqoiy Eron Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (YAQTSh) bo‘yicha majburiyatlarini to‘xtatmaganini bildirdi. Biroq AQSh va Isroilning yadroviy ob’ektlarga bergan zarbalari MAGATE bilan hamkorlikni murakkablashtirgan. Shu bilan birga, yaqinda Busherdagi ob’ektda inspeksiya o‘tkazilgan. U Qatar orqali AQShning yangi taklifi yuborilgani haqidagi xabarlarni ham rad etdi. Shuningdek, Eronning yadroviy dasturi haqida ma’lumot berganlik uchun 20 million dollar mukofot va’da qilinganini tanqid qilib, bu Vashingtonning avvalgi «Eron yadroviy dasturi yo‘q qilingan» degan bayonotlariga zid ekanini qayd etdi.

Armaniston va TRIPP transport loyihasi. Baqoiy Eron transport yo‘laklarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini, biroq mintaqadagi chegaralar va geosiyosiy muvozanat o‘zgarishiga qarshi ekanini bildirdi. U AQShning loyihadagi ishtiroki yuzasidan xavotir bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan Tehronni loyiha chegaralarni o‘zgartirish, AQSh harbiylari tomonidan qurilish ishlarini olib borish yoki harbiy kuchlarni joylashtirishni nazarda tutmasligiga ishontirgan. Barcha ishlar arman kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Iroq va AQSh bosimi. Baqoiy Vashington bosimi Eron va Iroq o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga putur yetkazmasligi kerakligini ta’kidladi. U ikki davlatning umumiy manfaatlari tashqi aralashuvdan ustun kelishini bildirdi. Shuningdek, kurd partiyalari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni Iroq Konstitusiyasi asosida, muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi.

Baqoiyning bayonotlari Eron va AQSh o‘rtasidagi barcha bahsli masalalar bo‘yicha muzokaralarda sezilarli taraqqiyotga erishilgani haqidagi xabarlar fonida yangradi.

Ehtimoliy kelishuvning asosiy tamoyili o‘zaro yon berish choralarini bir vaqtning o‘zida amalga oshirishga asoslanadi. Maslahatlashuvlar davomida ko‘p yillik inqirozning eng murakkab masalalari bo‘yicha murosa variantlari shakllangani aytilmoqda.

Yadroviy dastur taqdiri. Eron yadroviy ishlanmalar sur’atini qayta ko‘rib chiqish va ularga cheklovlar joriy etishga, jumladan, uranni boyitish hamda MAGATE xalqaro inspektorlari tomonidan monitoring o‘tkazish tartibiga oid masalalarda kelishishga rozilik bildirgan. Tehron keskinlikni pasaytirish va dengiz blokadasini bekor qilish evaziga texnik parametrlar bo‘yicha murosaga tayyorligini namoyon etgan.

Eronning muzlatilgan aktivlarini ochish. Vashington xorijiy hisoblarda saqlanayotgan Eron moliyaviy aktivlarini bosqichma-bosqich qisman blokdan chiqarishga hamda hayotiy muhim operasiyalarni amalga oshirish uchun sanksiya rejimidan cheklangan istisnolar taqdim etishga rozi bo‘lgan.

Mintaqaviy xavfsizlik va dengiz qatnovi. Loyiha strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi va Fors ko‘rfazi hududidagi keskinlikni pasaytirish, o‘zaro zarbalarni to‘xtatish hamda fuqarolik infratuzilmasiga bevosita harbiy tahdid tug‘diradigan harakatlardan voz kechishni nazarda tutadi.

Muzokaralarning joriy bosqichidagi muhim omillardan biri Saudiya Arabistoni va BAAning jarayonga jalb etilgani bo‘ldi. Avvalgi yillarda arab poytaxtlari Oq uyning Eron bilan alohida kelishuvlar tuzishiga shubha bilan qaragan bo‘lsa, bu safar hujjat parametrlarida Fors ko‘rfazidagi barqarorlik manfaatlari ham hisobga olingan.

Saudiya Arabistoni va BAAning roziligi ehtimoliy siyosiy to‘siqni bartaraf etib, kelishuvni mintaqaviy darajada qo‘llab-quvvatlash uchun asos yaratmoqda.

Ar-Riyod va Abu-Dabi uchun AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik Fors ko‘rfazidagi muhim infratuzilmaga keng ko‘lamli zarbalar berilishiga olib kelmasligi prinsipial ahamiyatga ega. Memorandumni qo‘llab-quvvatlash keskinlikni pasaytirish, neft terminallari, suvni chuchuklashtirish zavodlari va logistika zanjirlari xavfsizligini ta’minlash istagi bilan izohlanmoqda.

Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi mamlakatlari diplomatik doiralarida kelishuvni keyinchalik ham qo‘llab-quvvatlash uning ochiq va shaffof bajarilishiga bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda. Ayniqsa, qo‘shni davlatlarga hujum qilmaslik bo‘yicha haqiqiy kafolatlar va Tehron harakatlarining oldindan bashorat qilinadigan bo‘lishi muhim hisoblanadi.

Kelishuv haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingach, xomashyo birjalarida ham tezkor reaksiya kuzatildi. Hurmuz bo‘g‘ozi orqali neft yetkazib berish uzilishi xavfi uchun qo‘shilgan geosiyosiy ustama pasayishi fonida Brent va WTI rusumli neft narxlari sezilarli tushdi.

Shu bilan birga, xalqaro tahlilchilar tarqalayotgan ma’lumotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirmoqda. Loyiha hozircha umumiy xususiyatga ega bo‘lgan o‘zaro anglashuv memorandumi shaklida bo‘lib, tomonlar uni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini kelishib olishi kerak.

Asosiy kelishmovchilik majburiyatlarni bajarish tartibi bo‘lib qolmoqda. Tehron sanksiyalar bosimi qayta tiklanmasligi bo‘yicha kafolatlarni talab qilmoqda. Vashington esa moliyaviy yengilliklarni yadroviy dasturning sezgir yo‘nalishlarini qisqartirish bo‘yicha tekshirilishi mumkin bo‘lgan amaliy qadamlar bilan bog‘lamoqda.

Kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish Dohadagi yakuniy kelishuvlar natijasiga bog‘liq bo‘ladi.

Kiritildi: 23:32 09.11.2026. O'qildi: 937 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik