Bugun 10 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Germaniyada obro‘sizlanib borayotgan Mers Ukraina bo‘yicha YEIga ultimatum qo‘ydi

Germaniyada obro‘sizlanib borayotgan Mers Ukraina bo‘yicha YEIga ultimatum qo‘ydi

Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaga moliyaviy yordam ajratish kafolatlari Yevropa Ittifoqining navbatdagi yetti yillik byudjetiga kiritilmasa, uni bloklash bilan tahdid qildi.

Bu haqda Financial Times (FT) gazetasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Mers Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshtaga yo‘llagan maktubida 2028–2034 yillarga mo‘ljallangan YEI byudjeti bo‘yicha kelishuvda Kiyevga 2027 yilda va undan keyingi yillarda moliyaviy yordam ko‘rsatish kafolatlari aks etishi shartligini ta’kidlagan. Mutaxassislar baholashicha, Ukraina kelasi yili 70 milliard yevro miqdorida moliyaviy taqchillikka duch kelishi mumkin.

«Ukrainaning moliyaviy taqchilligini qoplashga barchamizning istisnosiz ravishda adolatli hissa qo‘shish bo‘yicha umumiy majburiyatimiz ushbu masalani hal etish va ayniqsa, moliyaviy oqibatlarga olib keladigan boshqa masalalarni muhokama qilish uchun zarur shart hisoblanadi», — deb yozgan Mers.

Ushbu ultimatum YEI yetakchilarining payshanba va juma kunlari Dublinda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi arafasida yangradi. Unda Mers Kiyevning moliyaviy taqchilligi muammosini hal qilishni talab qilgan.

O‘tgan yil dekabr oyida YEI yetakchilari Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratishga kelishib olgan edi. Biroq Rossiyaning qo‘shni davlatga qarshi olib borayotgan harbiy harakatlari ko‘lami shundayki, Kiyev kelasi yili qo‘shimcha 70 milliard yevro moliyaviy yordamga ehtiyoj borligini bildirgan.

Evropa Ittifoqi ushbu mablag‘ning uchdan ikki qismini, ya’ni qariyb 45 milliard yevroni qoplashga va’da bergan. Yevropa komissiyasi ushbu majburiyatni bajarish yo‘llarini, jumladan, qo‘shimcha qo‘shma qarz majburiyatlarini chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. YEI yetakchilari yil oxiriga qadar kelishuvga erishishi kutilmoqda.

Biroq YEIning to‘rtta davlati — Vengriya, Slovakiya, Bolgariya va Chexiya Kiyevga keyingi moliyaviy yordam ko‘rsatishda ishtirok etish niyatida emasligini bildirgan. Vengriya, Slovakiya va Chexiya o‘tgan yili 90 milliard yevrolik kredit bo‘yicha foiz to‘lovlarida ishtirok etishdan ozod qilingan edi.

Mers o‘z maktubida, shuningdek, «2028 yildan boshlab Ukraina moliyalashtirilishining ishonchli va ko‘p yillik istiqbolini ta’minlaydigan, barcha a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yechimni topishimiz kerak», deb ta’kidlagan. Bu majburiyat Ukraina bilan bog‘liq to‘lanmagan qarzlar bo‘yicha foizlarni ham o‘z ichiga oladi.

Kiritildi: Bugun 09:05. O'qildi: 797 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik