«Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati suyultirilgan gaz ta’minotida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi nazorat tadbirlari natijalarini e’lon qildi.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha 3 million 730 mingdan ortiq aholi xonadoni va 2 mingga yaqin ijtimoiy soha ob’ekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Prezidentimizning 326-son qarori asosida tizimga bozor mexanizmlarini joriy etish, ta’minot barqarorligini oshirish va muhtoj qatlamni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, suyultirilgan gazni noqonuniy sotish va talon-toroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida jamiyatning Komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan muntazam reydlar olib borilmoqda.
2025 yil va 2026 yilning to‘qqiz oyida o‘tkazilgan 3 mingdan ziyod tekshiruvlar davomida 1 217 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Xususan, suyultirilgan gazni noqonuniy sotishga ixtisoslashgan 471 ta «bunker» faoliyati to‘xtatildi. Ko‘rilgan choralar natijasida qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik 193,6 tonna gaz hamda 8,7 milliard so‘mlik 17 301 dona maishiy gaz ballonining norasmiy sotilishining oldi olindi.
2026 yilning to‘qqiz oyidagi xizmat tekshiruvlarida esa 1,4 ming tonna suyultirilgan gaz va 10 626 dona maishiy ballon talon-toroj qilingani aniqlanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan hujjatlar asosida 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«Hududgazta’minot» AJ iste’molchilardan suyultirilgan gazni noqonuniy sotish yoki ta’minotdagi qonunbuzarliklarga duch kelganda 1104 qisqa raqami yoki antikorruptsiya@hududgaz.uz elektron pochtasi orqali xabar berishni so‘radi.