Ukraina harbiylari Rossiya qo‘shinlariga qarshi operasiyalarni tashlandiq gaz quvurlari, suv quvurlari va yerosti tunnellari ichida o‘tkaza boshladi. Ukraina Milliy gvardiyasining 2-korpusi — «Xartiya» jangovar bo‘linmalari Kupyansk hududida «Veles» operasiyasi davomida yerosti kommunikasiyalari orqali 15 kilometrdan ortiq masofaga ilgarilagan.
Erostidagi harakatlar yer yuzasida dronlar yordamida amalga oshirilgan zarbalar bilan muvofiqlashtirilgan. Ukraina tomonining ta’kidlashicha, operasiya natijasida 30 nafardan ortiq rossiyalik harbiy asirga olingan, yana qariyb 100 nafari halok bo‘lgan yoki yaralangan.
«Rossiyaliklar gaz quvurlari orqali qo‘shinlarimiz ortiga o‘tishni rejalashtirgan. Biz dushmanning harakatlarini oldindan taxmin qildik va yerosti jangi taktikasini o‘zlashtirdik», — dedi «Xartiya» korpusi qo‘mondoni, brigadir generali Igor Obolenskiy.
Ukraina harbiylari ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq Rossiya bo‘linmalari diametri taxminan 1,2 metr bo‘lgan quvurlar ichida pulemyot pozisiyalari, qum to‘ldirilgan qoplardan to‘siqlar va hatto yashash joylarini tashkil etgan.
Dastlab Ukraina Qurolli kuchlari yerosti yo‘laklarini artilleriya va aviasiya zarbalari bilan yo‘q qilishga uringan. Biroq Rossiya qo‘shinlari yangi yo‘laklar ochishda davom etgani sababli Ukraina bo‘linmalari bevosita quvurlar ichida harakatlanib, jangovar operasiyalar o‘tkazishga kirishgan.