Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Surxondaryoda dvigatel porshenlari ichiga giyohvandlik moddalarini yashirib olib kirmoqchi bo‘lgan afg‘onistonlik ushlandi

Surxondaryoda dvigatel porshenlari ichiga giyohvandlik moddalarini yashirib olib kirmoqchi bo‘lgan afg‘onistonlik ushlandi

Shundan so‘ng mutaxassislar xorijiy fuqaroning Termiz shahridagi vaqtinchalik yashash joyini tekshirib, u yerdan katta miqdorda afyun va geroin aniqlashdi.

Surxondaryo viloyatida giyohvandlik moddalarini O‘zbekistonga noqonuniy olib kirishga urinishning oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonga kirish uchun «Ayritom» chegara bojxona postiga kelgan Afg‘oniston fuqarosi, 60 yoshli erkak boshqaruvidagi Toyota avtomashinasi tekshirilganda, uning yukxonasidan qariyb 400 gramm afyun topilgan.

«Giyohvandlik moddasi avtomobil ehtiyot qismlari — dvigatel porshenlari ichiga yashirincha joylashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Tezkor tadbirlar shu bilan yakunlanmagan. Xodimlar xorijiy fuqaroning Termiz shahridagi vaqtinchalik yashash joyini ham tekshirgan. U yerda bir nechta avtomobil ehtiyot qismlari ichiga yashirilgan yana 848 gramm afyun va 551 gramm geroin aniqlangan.

«Keyingi harakatlar giyohvandlik moddalarini O‘zbekiston hududida qabul qilib olishi kerak bo‘lgan shaxsni aniqlashga qaratildi», — deya ma’lum qildi DXX.

Tezkor tadbirlar davomida Sho‘rchi tumanida ashyoviy dalillar bilan Denov tumanida yashovchi 33 yoshli erkak qo‘lga olingan.

Qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 28-moddasi, shuningdek, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi (giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini sotish maqsadida noqonuniy tayyorlash, qayta ishlash, sotib olish, saqlash va boshqa harakatlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni noqonuniy sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: Bugun 14:55. O'qildi: 339 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik