Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida cho‘milish uchun daryoga tushgan besh nafar yigitning uch nafari halok bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, tumanning “Namuna” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Surxondaryoga mazkur mahallada istiqomat qiluvchi 2008 yilda tug‘ilgan olti nafar yigit cho‘milish maqsadida borgan. Yigitlardan biri suvga tushmagan. Qolgan besh nafar yigit esa cho‘milish maqsadida daryoga tushgan. Biroq oqim kuchli bo‘lgani sabab ularning uch nafarini daryo oqizib ketgan. Ikki nafari esa atrofda bo‘lgan fuqarolar yordami bilan qutqarib qolingan.
O‘sha kunning o‘zida maxsus qutqaruv xizmati g‘avvoslari tomonidan ulardan birining jasadi suvdan chiqarib olingan. 9 iyun kuni ikkinchi yigitning jasadi topilgan. Yana bir nafar yigitning jasadini qidirish ishlari davom etmoqda.