Bashar Asad davrida Suriyada mahbuslarni qiynoqqa solgan general Isroil maxsus xizmati agenti bo‘lgan, deb xabar bermoqda The New York Times
"Suriyalik sobiq general Xolid al-Halabiy Bashar Asad hukmronligi davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun Avstriyada sudlanmoqda. Al-Halabiy 2013 yilgacha Suriya xavfsizlik tuzilmalarida ishlagan. Xususan, Raqqadagi Suriya Bosh razvedka boshqarmasining 335-bo‘limini boshqargan", deya yozmoqda gazeta.
Bashar Asad rejimi qurbonlari ushbu generalni" 2011-2013 yillar davomida rejim muxoliflarini qiynoqqa solishni buyurgan va bu qiynoqlarda shaxsan o‘zi ishtirok etgan shafqatsiz sadist" deb ta’riflaydi.
Avstriya Prokuraturasiga ko‘ra, u faoliyati davomida ikkiyoqlama agent sifatida ham Suriya maxsus xizmatlari, ham Isroil razvedka idorasiga (Mossad) ishlagan. 2013 yilda Suriyadan qochib, Mossad yordamida Parijga kelgan. Shundan keyin Isroil tomonining so‘roviga asosan, Avstriya razvedkasi ko‘magida Venaga ko‘chib o‘tgan.
"Xolid al-Xalabiy o‘n yildan ortiq vaqt davomida Yevropada yashab, shu vaqtda urush jinoyatlari bo‘yicha tergovchilar ta’qibidan qochib yurgan. U 2024 yil dekabr oyida Avstriyada qo‘lga olingan", deyiladi NYT xabarida.