O‘zbekiston Superligasida 20-tur uchrashuvlari to‘liq yakunlandi. 5 sentyabr kuni turning so‘nggi uchta bahsi o‘tkazildi.
"So‘g‘diyona" o‘z maydonida "Mash’al"ni 5:2 hisobida mag‘lub etib, yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. "Qo‘qon-1912" va "Dinamo" o‘rtasidagi bahsda esa g‘olib aniqlanmadi — 1:1. Kunning so‘nggi uchrashuvida "Qizilqum" "Buxoro"dan 3:2 hisobida ustun keldi.
Shu tariqa, 20-turdagi sakkizta uchrashuvda jami 26 ta gol urildi. Eng sermahsul bahs Qarshida kuzatildi — "Nasaf" chempionat peshqadami "Neftchi"ni 6:2 hisobida mag‘lub etdi. "Paxtakor" esa "Andijon" ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.
Tur yakunlariga ko‘ra, "Neftchi" 45 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi. "Paxtakor" 43 ochko bilan ikkinchi, "Navbahor" esa 38 ochko bilan uchinchi o‘rinda. "Buxoro" mag‘lubiyatga qaramay 34 ochko bilan 4-pog‘onada qoldi.
"So‘g‘diyona" yirik g‘alabadan keyin 27 ochko jamg‘arib, 10-o‘ringa ko‘tarildi. "Qizilqum" esa ochkolari sonini 26 taga yetkazib, 11-pog‘onani egalladi. "Qo‘qon-1912" 20 ochko bilan 13-o‘rinda, bor-yo‘g‘i 4 ochkoga ega "Mash’al" esa so‘nggi pog‘onada qolmoqda.