Milliarder Ilon Maskka tegishli Amerikaning SpaceX va Tesla kompaniyalari 2026 yil dekabr oyidayoq birlashish haqida e’lon qilishi mumkin. Potensial kelishuv korporativ birlashuvlar tarixidagi eng yirik bitimga aylanishi mumkin.
Bu haqda Bloomberg agentligi vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar bergan.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalarni birlashtirish bo‘yicha muzokaralar ilgarilab bormoqda. Ayni paytda tomonlarning direktorlar kengashlari va maslahatchilari bitim shartlari hamda kelajakdagi konglomeratni boshqarish tuzilmasini kelishib olmoqda.
Shu bilan birga, birlashuv haqidagi e’lon 2027 yil boshiga qoldirilishi ham istisno etilmayapti.
Birlashuv natijasida elektromobillar, energiya saqlash uchun akkumulyator tizimlari, raketalar va sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqarishni qamrab oluvchi konglomerat tashkil etilishi mumkin. Sun’iy intellekt birlashgan kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Muzokaralardagi asosiy masalalardan biri — Tesla aksiyadorlari SpaceX’ning qancha miqdordagi aksiyalarini olishi bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, tomonlar Tesla’ning Xitoydagi faoliyati hamda SpaceX’ning AQSh hukumati bilan tuzgan mudofaa shartnomalariga oid masalalarni hal etishi kerak.
Bloomberg baholashicha, SpaceX’ning bozor qiymati 1,9 trillion dollardan oshadi, Tesla esa taxminan 1,5 trillion dollarga baholanmoqda.
SpaceX va Tesla kompaniyalari ehtimoliy bitim muddatlari yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.