Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy eksperiment doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida budjet qonunchiligi buzilishi, korrupsiyaviy xatti-harakatlar va moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish choralari samarali amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning iyul holatiga ko‘ra, vazirlik tizimida moliya va iqtidodiyot sohasi bo‘yicha faoliyat yurituvchi 1 280 nafar xodimda manfaatlar to‘qnashuvi va nepotizm holatlari aniqlandi.
Shundan:
134 tasi Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Respublika davolash-profilaktika muassasalari;
347 tasi hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot bo‘limlari;
796 tasi vazirlik tizimidagi boshqa tibbiyot va davolash-profilaktika muassasalari hamda tizim tashkilotlarida qayd etildi.
Masalan, Virusologiya ilmiy tekshirishi instituti moliya-iqtisod bo‘limi boshlig‘i N. A., va Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining bosh hisobchisi G.G. o‘z bo‘ysunuvi va nazorati ostida qarindoshi bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatib kelgan.
Ulug‘nor tumani tibbiyot birlashmasi bosh hisobchisi A.M. esa o‘z lavozimidan foydalangan holda yaqin qarindoshlari katta hamshira lavozimiga va o‘zi ishlab turgan bo‘limga laborant vazifasiga ishga joylashtirgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan xodimlarning mehnat shartnomasi bekor qilinib, rotasiya qilindi.
Shuningdek, vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan tizimli nazorat ishlari yo‘lga qo‘yilishi natijasida sohada 567 ta qonunbuzilish holati o‘z vaqtida bartaraf etildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident qaroriga asosan huquqiy eksperiment tariqasida 5 ta idora, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga o‘tkazildi.