Bugun 24 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

Sirdaryo viloyatida yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha taqdimnoma kiritildi

Sirdaryo viloyatida yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha taqdimnoma kiritildi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyatdagi bir qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflar doirasida 8-son tergov hibsxonasi, 40-son manzil-koloniya, Sirdaryo viloyatidagi Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona, Guliston shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati mintaqaviy filiali hamda Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring jarayonida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnatga jalb etilish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari va murojaat qilish huquqlarining ta’minlanish holati o‘rganildi. Shuningdek, kameralar hamda xonalarning sanitariya holati, videokuzatuv tizimi, advokatlar va tergov xonalari ham ko‘zdan kechirildi.

8-son tergov hibsxonasida kameralarning ayrimlari ta’mirtalab ekanligi aniqlandi. Ularning ba’zilarida ta’mirlash ishlari boshlangan bo‘lib, monitoring vaqtida ikki nafar ayol mahbus murojaati yakka tartibda qabul qilindi.

Aniqlanishicha, 40-son manzil-koloniyada 11 ta yo‘nalish bo‘yicha — issiqxona, parrandachilik, asalarichilik, santexnika, nonvoychilik, elektrik, tikuvchilik, sartaroshlik, quyosh panellari va isitish kollektorlariga xizmat ko‘rsatish kabi sohalarni qamrab olgan “Kasb-hunar” markazi tashkil etilgan.

Shuningdek, 40-son manzil-koloniyadan ishga biriktirilgan 38 nafar mahkum faoliyat yuritayotgan g‘isht ishlab chiqarish sexidagi sharoitlar ham o‘rganildi. Tekshiruv natijasida yuvinish xonalarining ta’mirtalab ekanligi aniqlandi. Ovqatlanish va yashash sharoiti bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmadi.

Monitoring tashriflari davomida Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilib, holi tarzda uchrashishni istaganlar murojaatlari qabul qilindi.

Guliston shahar vaqtincha saqlash hibsxonasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoraga Ombudsman taqdimnomasi kiritildi. Boshqa muassasalarda qayd etilgan holatlar yuzasidan ham ta’sir choralari ko‘rilishi ma’lum qilinadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Kiritildi: 18:15 21.10.2025. O'qildi: 573 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!