Bugun 14 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Shimoliy Koreya xakerlari 400 million dollarlik kriptovalyutani o‘g‘irladi

Shimoliy Koreya xakerlari 400 million dollarlik kriptovalyutani o‘g‘irladi

AQSh Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosi (FBR) ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya xakerlari so‘nggi 18 oy davomida 400 million dollardan ortiq kriptovalyutani o‘g‘irlagan. Kiberjinoyatchilar sun’iy intellekt, soxta videokonferensiyalar va psixologik manipulyasiyalardan foydalanib, jabrlanuvchilarning kompyuterlariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

AQSh rasmiylarining fikricha, o‘g‘irlangan mablag‘lar Kim Chen In rejimi va uning harbiy dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda.

FaceStealer deb nomlangan ushbu firibgarlik sxemasi doirasida xakerlar kriptovalyuta kompaniyalari xodimlari va dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarini videoqo‘ng‘iroqlarga taklif qilgan. Buning uchun ular jabrlanuvchilarning tanishlariga tegishli buzib kirilgan akkauntlardan foydalangan.

Videomuloqot davomida jabrlanuvchilar o‘zlari ishonadigan insonning oldindan yozib olingan videosini ko‘rgan. Ayrim hollarda esa jinoyatchilar kriptovalyuta sohasidagi mashhur vakillarning dipfeyk tasvirlaridan foydalangan.

Keyin xakerlar texnik nosozlikni sahnalashtirgan. Masalan, suhbatdoshning ovozi eshitilmayotganini bahona qilib, unga muayyan havolaga o‘tish yoki kompyuterda ma’lum amallarni bajarishni taklif qilgan.

Natijada qurilmaga zararli dastur o‘rnatilgan. Bu esa jinoyatchilarga kriptovalyutani o‘g‘irlash, akkauntlarni egallab olish va jabrlanuvchilarning aloqalari haqidagi ma’lumotlarga kirish imkonini bergan.

FBR ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar keyinchalik jabrlanuvchilarning veb-kameralari orqali olingan videolardan ham foydalangan. Ular ushbu yozuvlar yordamida jabrlanuvchilarning shaxsiga kirib, ularning tanishlarini ham aldagan. Tergovchilar 900 dan ortiq videyozuvni aniqlab, musodara qilgan.

12 noyabr kuni AQSh Adliya vazirligi FaceStealer operasiyasida foydalanilgan bulutli infratuzilma musodara qilinganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Amerika rasmiylari Binance kriptovalyuta birjasiga qarshi alohida hujum davomida o‘g‘irlangan 1,2 milliard dollardan ortiq kriptovalyutani xatlash yoki bloklash bo‘yicha sud qarorlarini ham qo‘lga kiritgan.

Kiritildi: 21:00 13.11.2026. O'qildi: 349 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik