O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida nutq so‘zladi va G‘azo sektorini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qayta tiklash hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti AQSh savdo vaziri Xovard Latnik, AQSh savdo vakili Jeymison Grir, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporasiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida mamlakatimiz yetakchisi bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimida va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi. Tadbirda AQSh hukumati, yirik kompaniyalari va moliya institutlarining yuqori darajali vakillari hamda videoaloqa orqali O‘zbekiston hududlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketdi. Aeroportda davlatimiz rahbari va rafiqasini AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.