Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining navbatdagi 41-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vise-prezidenti Otabek Umarov, Bosh Assambleya a’zolari, shuningdek, federasiya va assosiasiyalarning mas’ullari ishtirok etishdi. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyatining tarkibi qayta shakllantirib olindi.
Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi va MOQ nizomiga asosan har bir Olimpiya siklida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rahbariyati tarkibi qayta shakllantirib olinishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etish joiz, Prezidentimiz 2022 yil 23 may kuni Sport vaziri Adkham Ikramovga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Shu bois, Adham Ilhamovich Bosh Assambleya avvalida ortda qolgan Olimpiya siklida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Tadbirda so‘z olgan Bosh vazir qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida to‘xtalar ekan, to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar, kutilgan natijani qayd etmagan federasiyalar xususida tanqidiy fikr bildirdi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. Dastavval, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yangi rahbar saylandi. Abdulla Nigmatovich ushbu lavozim uchun nomzod haqida to‘xtalar ekan, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, mamlakatimizning ko‘p ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich nomzodini ilgari surdi. Nomzod barcha delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va SH.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining raisi etib saylandi.
Shuningdek, Qo‘mita raisining o‘rinbosarlari tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga muvofiq, Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, Oybek Kasimov Bosh kotib va Sherzod Tashmatov rais o‘rinbosari lavozimiga saylanishdi. Tadbir davomida Qo‘mitaning yangilangan ustavi ham tasdiqlab olindi. Shuning bilan, MOQning 41-Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi.