Ukrainaning «Interfaks» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Putin Ukrainani bo‘lish g‘oyasini AQShning bo‘lajak prezidenti Donald Trampga taqdim qilmoqchi.
Kreml go‘yoki o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor, deya xabar bermoqda Reuters Rossiya hukumatining amaldagi va sobiq vakillariga tayanib. Putinning sharti shundaki, Rossiya Ukrainaning muhim hududlarini saqlab qolishi, Ukrainaning o‘zi esa NATOga kirish rejalaridan voz kechishi kerak.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatidan kelib chiqqan holda, Kreml Ukrainani uch qismga bo‘lish niyatida. Mamlakatning butun sharqi (Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlari), shuningdek, Qrim Rossiyaga o‘tishi kerak. Mamlakatning ikkinchi katta qismini (shu jumladan Kiyev, Sumi va Odessa viloyatlari) «Rossiyaparast davlat tuzilmasi»ga aylantirish rejalashtirilgan. Bu zonadagi kuch tuzilmalari rossiyaparast kadrlar bilan ta’minlanadi va nazorat qilish uchun uning hududiga rus qo‘shinlari joylashtiriladi. Bu «Ukraina Moskva tomonidan boshqariladigan qo‘g‘irchoq davlatga aylanadi» degan ma’noni anglatadi.
G‘arbiy Ukrainadagi qolgan qismi hujjatda «bahsli hududlar» deb ataladi. Ular bilan nima qilish masalasi Rossiya va qo‘shni davlatlar – Vengriya, Polsha va Ruminiya o‘rtasidagi muzokaralar davomida hal qilinishi kutilmoqda.