Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida K. Dusovga (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining sudyasi S. Mamadiyev raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.
Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, jinoyat ishida to‘plangan dalillar bilan, ya’ni jabrlanuvchilarning arizasi, tushuntirish xatlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga doir lingvistik ekspertizalar xulosalari, yozuvlar skrinshoti, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Kabul Dusov” nomli profilni va Telegram messenjeridagi “Kobul Dusov | RASMIY KANAL” nomli kanalni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, sudga doir kompleks ekspertizalar xulosalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi.
Sud hukmiga muvofiq K. Dusov jabrlanuvchi F. Boqiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan K. Dusovga sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probasiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilandi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya/kassasiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.