Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus shahridagi yangilangan ko‘cha bo‘ylab sayr qildi.
Shaharning G‘aresizlik, S.Kamalov va G‘.Sheraziyeva ko‘chalarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida aholi va shahar mehmonlari uchun qulay dam olish muhiti, savdo va ko‘ngilochar maskanlarning tun-u kun faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Bu ishlarga 2,2 milliard so‘m ajratilib, ko‘chalarning 2,5 kilometrlik qismi ta’mirlandi va infratuzilmasi yangilandi.
Piyodalar yo‘laklari barpo etilib, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatildi. Hududni tungi vaqtda yoritish uchun quyosh panellari yordamida ishlaydigan energiya tejamkor chiroqlar o‘rnatildi. Yomg‘ir suvlarini oqizish va suv to‘planishining oldini olish maqsadida 1,5 kilometrlik tarmoq yangidan qurildi, mavjudlari modernizasiya qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yaratilgan sharoitlar tadbirkorlik faoliyatini ham jonlantirdi. Hududda 8 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti ish boshladi, yana 10 tasi faoliyatini kengaytirdi. Natijada 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlat rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, odamlar bilan samimiy muloqot qildi, mamlakatda hukm surayotgan tinchlik eng qadrli ne’mat ekanligini ta’kidlab, ezgu tilaklarini bildirdi.