Bugun 18 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Husanovga juda yuqori ball berishdi

Husanovga juda yuqori ball berishdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov "Manchester Siti" safidagi navbatdagi uchrashuvini yuqori saviyada o‘tkazdi.

Angliya Liga kubogi 1/16 finalida "shaharliklar" "Norvich Siti"ni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Husanov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, 90 daqiqa davomida jamoasi himoyasida harakat qildi.

Sofascore mazkur uchrashuvdagi o‘yini uchun o‘zbekistonlik futbolchiga 7,6 ball qo‘ydi. Husanov nafaqat himoyadagi harakatlari, balki to‘p bilan muomalada ham yuqori ko‘rsatkich qayd etdi.

Uchrashuv davomida himoyachi 135 marta to‘pga tegib, 118 ta uzatmasidan 112 tasini sheriklariga aniq yetkazdi. Shu tariqa, uning paslar aniqligi 95 foizni tashkil etdi.

Husanov o‘z jamoasi maydonidagi uzatmalarda umuman xatoga yo‘l qo‘ymadi — 74 ta pasning barchasi aniq chiqdi. Raqib tomonda esa 44 urinishdan 38 tasi manziliga yetib bordi.

Himoyaviy harakatlarda ham Husanov faol bo‘ldi. U uch marta to‘pni muvaffaqiyatli olib qo‘ydi, bir bor raqib uzatmasini to‘xtatdi va bitta zarbani to‘sdi. Oltita yerdagi kurashning uchtasida ustun kelgan futbolchi havodagi ikki yakkakurashning har ikkisini ham o‘z foydasiga hal qildi.

Uchrashuv ishtirokchilari orasida eng yuqori bahoni "Manchester Siti" yarim himoyachisi Allan oldi — 8,9. Ikki gol urgan 17 yoshli Floyd Samba esa 8,7 ballga loyiq ko‘rildi.

Kiritildi: Bugun 14:31. O'qildi: 239 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!