Bugun 21 may, 2026 yil, payshanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev muftiy Nuriddin Holiqnazar bilan muloqot o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev muftiy Nuriddin Holiqnazar bilan muloqot o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, yurtdoshlarimiz Haj amallarini ado etayotgan qutlug‘ kunlarda bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak Haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan Haj safariga yuborildi.

Prezidentimiz ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tayotganini ta’kidladi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilayotganini qayd etdi.

Suhbatda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz qalbi, ma’naviyati va ma’rifatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizasiyasi markazi, Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi yaqinda foydalanishga topshirilgan maskanlar ulug‘ ajdodlarimizning bebaho merosini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha fayz va shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi. Muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, 10 mingdan ortiq bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, 2 mingga yaqin og‘ir kasallikka chalingan yurtdoshlarimizni davolash uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Masjid va qabristonlarni obod qilishga ham alohida resurslar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari hayotda ko‘pni ko‘rgan, duogo‘y hojilarimiz yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirdi.

Suhbat yakunida Prezidentimiz barcha hojilarimizga salom yo‘llab, ularning savobli amallari qabul bo‘lishini, yurtimizga sog‘-omon qaytishlarini tiladi.

Kiritildi: Bugun 21:33. O'qildi: 320 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!