Bugun 19 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev: “Moturidiy bobomizning ming yil avval yozgan asarlari bugun ham dolzarb”

Shavkat Mirziyoyev: “Moturidiy bobomizning ming yil avval yozgan asarlari bugun ham dolzarb”

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Chokardiza qabristoni hududidagi majmuani qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlangan edi.

Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda ziyoratchilar uchun yangi masjid barpo etildi. Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy maqbaralari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Majmua tarkibida alloma merosini chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy markaz, kutubxona va muzey tashkil etildi.

Prezidentimiz ushbu ilm maskanlarining ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

– Bunday ilm o‘choqlarini tashkil etishdan maqsadimiz – buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va yoshlarimizga yetkazish. Bizga bugun bu ilm juda kerak. Bu yerda qancha yoshlarimiz Moturidiy bobomizning ming yil oldin yozgan asarlarini o‘rganadi. U zot ming yil oldin har bir masalani chuqur ilm va aniq dalillar bilan asoslab, odamlarni jaholatdan ogohlantirganlar. Ushbu asarlarni o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini yoshlarimizga yetkazish bugun har qachongidan ham muhim.

Ziyoratgohning kirish qismida peshtoq, tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxonalar va avtoturargoh barpo etildi. Majmua hududiga mahalliy hamda yurtimiz iqlimiga mos xorijiy daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Allomalar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari majmuaga kelgan inson Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosi va islom olamidagi o‘rni haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

– Bunday buyuk qadamjolarni obod qilish zamirida katta ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim va ilm bor. Odamlar bu yerga kelib, nafaqat ziyorat qilsin, balki bilim olsin, o‘zligini anglasin, – dedi Prezidentimiz.

Kiritildi: 19:55 18.10.2026. O'qildi: 471 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!