Ukraina hozircha Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan AQShning Starshield harbiy sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimidan foydalanish imkoniga ega emas. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Rossiya hududining chuqur qismiga zarba berish maqsadida ushbu tizimdan foydalanishni so‘ragan, biroq bu masala bo‘yicha muzokaralar hali davom etmoqda.
«Starlink — tijoriy mahsulot. Shuning uchun u tegishli tartibda tartibga solinadi va ko‘rib chiqiladi. Starshield esa mudofaa va harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan mahsulot», — dedi Rubio.
Davlat kotibi ta’kidlashicha, Starshield tizimidan AQSh harbiylari foydalanadi, ammo Ukraina uchun u hozircha ochiq emas. Shu bilan birga, Ukraina armiyasi Starlink aloqa tizimidan foydalanishda davom etmoqda. Biroq aloqa tezligining cheklanishi dronlarni boshqarishda muammolarni keltirib chiqargan.
Rubio Oq uy Ukraina harbiylari uchun Starlink aloqa tezligini ataylab pasaytirgani haqidagi ayblovlarni ham rad etdi.
«Hech kim Starlink tezligini pasaytirish bo‘yicha buyruq bermagan. Bu qandaydir tarzda sodir bo‘lgan, ammo mening ma’lumotimga ko‘ra, aloqa tezligi allaqachon tiklangan», — dedi AQSh Davlat kotibi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina dronlari soatiga 161 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganida aloqa avtomatik ravishda uzilishini bildirgan edi. Rubio esa Vashington ushbu cheklovlarga aloqador emasligini ta’kidlamoqda.