Bugun 9 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

Shavkat Mirziyoyev MDH mamlakatlari milliy taomlari festivalida ishtirok etdi

Shavkat Mirziyoyev MDH mamlakatlari milliy taomlari festivalida ishtirok etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari delegasiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida tashkil etilgan milliy taomlar festivaliga tashrif buyurdi.

Festivalda to‘qqiz mamlakat – O‘zbekiston, Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistonning pazandachilik an’analari namoyish etildi.

O‘zbekiston stendida mehmonlar yurtimizning turli hududlariga xos non va pishiriqlar, qandolat mahsulotlari hamda quritilgan mevalar bilan tanishdilar. Ularga novvoylikning ko‘p asrlik an’analari haqida so‘zlab berildi. Oshpazlar somsaning bir necha turini, shuningdek, shivit oshi va tuxumbarak kabi Xorazm taomlarini tayyorlash, non yopish jarayonlarini namoyish etdilar. O‘zbek palovining turli xillari va milliy oshxonamizning boshqa taomlari ham mehmonlar e’tiboriga havola qilindi.

Ekspozisiyadan xalq hunarmandchiligi namunalari ham o‘rin oldi. Rishton, Buxoro, Marg‘ilon va Samarqand hunarmandlari o‘z mahsulotlari hamda ularni tayyorlashning an’anaviy usullarini namoyish etdilar. Milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar festivalga bayramona ruh bag‘ishladi.

Delegasiyalar rahbarlari O‘zbekiston stendi bilan tanishgach, festivalning boshqa milliy ekspozisiyalarini ko‘zdan kechirdilar.

Kiritildi: 23:21 08.10.2026. O'qildi: 468 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!