Bugun 8 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Putin Kiyev ko‘priklarini yo‘q qilish uchun «Armageddon generali» Surovikinni jalb etgani aytilmoqda

Putin Kiyev ko‘priklarini yo‘q qilish uchun «Armageddon generali» Surovikinni jalb etgani aytilmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin general Sergey Surovikinni Kiyevdagi Dnepr orqali o‘tuvchi ko‘priklarga zarbalar berish rejasiga jalb etgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning «The Telegraph» nashri ma’lum qildi.

Nashrga ko‘ra, Rossiya qish mavsumida Kiyevning transport va muhim infratuzilmasiga bosimni kuchaytirishni rejalashtirishi mumkin. Dnepr orqali o‘tuvchi yetti ko‘prik ehtimoliy nishonlar sifatida tilga olingan. Ularning jiddiy zararlanishi Kiyevning ikki sohili o‘rtasidagi transport aloqasini keskin qiyinlashtirishi mumkin.

Surovikin Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotida ishtirok etgani va Aleppoga zarbalar bilan bog‘liq operasiyalarga rahbarlik qilgani uchun «Armageddon generali» laqabini olgan.

«The Telegraph» muallifi Moskva Ukrainadagi bosimni kuchaytirish uchun Suriyada qo‘llangan infratuzilmaga zarba berish taktikasini takrorlashi mumkinligini taxmin qilgan.

Shu bilan birga, Surovikinning Kiyevga qarshi yangi operasiyaga rasman tayinlangani yoki Putin unga ko‘priklarni yo‘q qilish haqida aniq buyruq bergani hozircha rasmiy tasdiqlangan emas.

Ayni paytda Kiyevdagi ko‘priklarga zarbalar allaqachon kuchaygan. Reyter agentligi 1–2 oktyabr kunlari Janubiy ko‘prikka, 3 oktyabr kuni esa Shimoliy ko‘prikka zarbalar berilganini xabar qilgan. Hujumlar transport harakatida jiddiy uzilishlarga olib kelgan.

Kiritildi: Bugun 17:36. O'qildi: 937 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!