Ijtimoiy tarmoqlarda bir oilaning farzandiga nogironlikni rasmiylashtirish jarayonida duch kelgan qiyinchiliklari keng muhokama qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan munosabat bildirgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva vaziyat atroflicha o‘rganilib, oilaga amaliy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, nogironlikni belgilash tartibi barcha uchun yagona va shaffof hisoblanadi. Shuningdek, joriy yilda yo‘lga qo‘yilgan erta aralashuv, reabilitasiya va abilitasiya, kunduzgi parvarish hamda uyda yordam ko‘rsatish xizmatlari bolalar va ularning oilalari uchun mutlaqo bepul.
Agar jarayonning biror bosqichida oiladan pul talab qilinsa yoki xizmat ko‘rsatish asossiz ravishda cho‘zilsa, bu qonunchilikning bevosita buzilishi hisoblanadi.
Shahnoza Mirziyoyeva fuqarolarning murojaat va fikr-mulohazalari tizimdagi kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
«Men uchun bunday holatlar e’tiborsiz qolmasligi, joriy etilayotgan barcha xizmatlar insonlarga real foyda keltirishi hamda har bir fuqaro uchun teng darajada manzilli va qulay bo‘lishi juda muhim», — dedi u.
U shuningdek, tizimdagi har bir kamchilikni darhol aniqlash har doim ham imkonli emasligi, fuqarolarning murojaatlari esa mavjud muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etishga yordam berishini qayd etdi.