O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 oktyabr kuni Ashxobod shahrida turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Zamon va sivilizasiyalarning o‘zaro bog‘liqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi" mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardariy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida forumning o‘tkazilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy ma’naviy merosimizni butun dunyoga targ‘ib qilish yo‘lida ulkan amaliy qadam bo‘lishini ta’kidladi.
Maxtumquli Firog‘iyning ijodiy merosi nafaqat Sharq mumtoz she’riyatini, balki jahon adabiyotini ham boyitganligi qayd etildi.
O‘zbekistonda Maxtumquli ijodi yuksak qadrlanadi. Shoir Xiva shahridagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olib, dunyoviy va diniy ilmlarni o‘rgangan. U buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyni chuqur hurmat qilgan.
Joriy yilda O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanayotgani ta’kidlandi. Anjuman, seminar, adabiy kecha, tanlov, spektakllar va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zbek va turkman kinoijodkorlari tomonidan shoir haqida hamkorlikda badiiy film suratga olindi.
O‘zbekiston yetakchisi Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" doirasida kelgusi yili Ashxobod shahrida global sammit o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidentiga mazmunli nutq hamda Maxtumquli Firog‘iy xotirasini abadiylashtirish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbari turkman shoiri va mutafakkiri tavalludining 300 yilligi munosabati bilan medal bilan mukofotlanishini ma’lum qildi.
Tadbir nihoyasida forumning yakuniy hujjati qabul qilindi.