Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Senat 2026 yilgi davlat byudjetini ma’qulladi

Senat 2026 yilgi davlat byudjetini ma’qulladi

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Senat matbuot xizmatining qayd etishicha, qonun keng jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida, mahalliy Kengashlar sessiyalari, Senat qo‘mitalari majlislari doirasida batafsil o‘rganildi. Jarayonda byudjet mablag‘larining taqsimlanishi, ustuvor yo‘nalishlarning asoslanganligi va samaradorligi yuzasidan chuqur tahlillar amalga oshirildi.

Senatorlar 2026 yil davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovni kengaytirish hamda sifatli ta’limni ta’minlash kabi ijtimoiy soha yo‘nalishlariga ustuvor ahamiyat berilganini alohida ta’kidladi.

Xususan, davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi – 220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, ta’lim sohasiga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga esa 49 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.

Senat 2026 yilgi davlat byudjetini ma’qulladi

Qonunga muvofiq, 2026 yilda inflyasiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln so‘m, daromadlari esa 368,9 trln so‘m miqdorida belgilangan. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 78,6 trln so‘mni, xarajatlari esa 74,4 trln so‘mni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, konsolidasiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlari 567,6 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan bo‘lib, uning taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan.

Muhokamalar chog‘ida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, belgilangan makroiqtisodiy vazifalarni izchil amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, ijtimoiy muammolarni hal etish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda davlat dasturlarida belgilangan muhim tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi qayd etildi.

Muhokamalar yakunida senatorlar “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Kiritildi: 14:35 18.12.2025. O'qildi: 524 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!