Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) Argentina terma jamoasini milliy futbol assosiasiyasi ichidagi mojaro tufayli 2026 yilgi jahon chempionatidan chetlashtirishi mumkin.
Bu haqda La Nacion gazetasi xabar bermoqda.
Argentina futbol assosiasiyasi rahbari Klaudio Tapia ishi bo‘yicha chorshanba kuni yangi qidiruvlar o‘tkazildi. Ular nafaqat Argentina futbolining yuqori lavozimli amaldori, balki uning ishonchli vakili Pablo Toviginyo va tashkilot g‘aznachisi o‘rinbosari Luchano Nakisga nisbatan ham tergovning bir qismi edi. Bu amaldorlar katta boylik orttirganlikda gumon qilinmoqda.
Sud Pilar shahridagi mulkka egalik masalasini tekshirmoqda. Mulk tarkibiga 10 gektar yer, vertolyot maydonchasi, ot fermasi va 50 dan ortiq eski avtomobillar kiradi. Mulk, tergovchilarning fikriga ko‘ra, ishonchli vakil sifatida ishlayotgan pensioner va xususiy tadbirkor nomiga rasmiylashtirilgan.
Nashrning fikricha, hukumatning milliy federasiyalar ishlariga aralashuvini ma’qullamaydigan FIFA Argentina terma jamoasini navbatdagi jahon chempionatidan chetlashtirishi mumkin. Manbaga ko‘ra, “siyosatda manevrga o‘rin kam bo‘lgani uchun qaror sudlarda”. Gazetaning ta’kidlashicha, sud tizimi bu shaxslarning aybdor yoki aybsizligini, ular o‘z lavozimlarini saqlab qolishga loyiqmi yoki chetlatilishi kerakligini tezda aniqlashi kerak.
Argentina sud tizimi, shuningdek, mamlakatning bir qancha klublari hamda Argentina terma jamoasiga homiylik qiluvchi Sur Finanzas moliyaviy kompaniyasining buxgalteriya hisobi amaliyotini ham tekshirmoqda. Kompaniya o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda. Unga Tapianing do‘sti, tadbirkor Ariel Valyexo boshchilik qiladi. Kompaniya ustidan o‘tgan oyda Soliqlar Bosh boshqarmasi tomonidan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilinib, shikoyat qilingan edi.
Argentina terma jamoasi amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. 2026 yilgi jahon chempionatida jamoa Avstriya, Jazoir va Iordaniya bilan bir guruhdan joy olgan. Turnir 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.