Bugun, 30 may kuni Inha universitetida "School 21" IT maktabining ikkinchi kampusi ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri maslahatchisi Bobur Rahimov, "School 21" boshqaruvchi direktori Zarina Luxmanova, OAV vakillari ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahridagi "School 21" kampusida IT-mutaxassislarni bepul tayyorlash bo‘yicha qabul boshlandi. Birinchi saralash «basseyn»i 2024 yil 26 avgustda boshlanadi. Siz hozirdanoq o‘qish uchun maktab saytida ariza berishingiz mumkin. "School 21" – bu O‘zbekiston va unga yaqin mamlakatlarda istiqomat qiluvchi 18 yoshdan oshgan barcha fuqarolarga IT sohasida talab yuqori bo‘lgan kasbni bepul egallash imkonini beradigan raqamli texnologiyalar maktabidir.
«Bu kampusning ochilishi O‘zbekistonda ta’lim va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Bu, o‘z o‘rnida, ta’limga innovasion yondashuv, raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlik, innovasiyalar va startap loyihalarini rag‘batlantirish kabi jarayonlar bilan uzviy bog‘liq», — dedi Rustam Karimjonov.
Matbuot anjumanida o‘qishga kirish jarayoni bir necha bosqichlardan iborat ekanligi haqida ma’lumot berildi. Avvalida ishtirokchi maktab veb-saytida ariza topshiradi, xotira va mantiq bo‘yicha ikkita onlayn o‘yinlardan o‘tadi, shundan so‘ng navbat saralash «basseyn»iga keladi. Saralash bosqichida ishtirokchilar 26 kun davomida noldan kod yozadilar, o‘yin yaratadilar, shuningdek jamoaviy hamda yakka tartibda loyihalarni amalga oshiradilar. Ishtirokchilarning 50% dan ortig‘i uchun loyihada ishtirok etish – bu dasturlashdagi ilk tajribadir.
«Basseyn»ni muvaffaqiyatli yakunlagandan so‘ng, ishtirokchilar asosiy ta’limga o‘tadilar, ya’ni 1,5-3 yil davomida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan malakali IT muhandisi, dasturchi, ML va ishlab chiqarish bo‘yicha muhandis, IT loyiha menejeri, tahlilchi, kichik va o‘rta ishlab chiqaruvchi darajasiga yetadilar. Bunday natijalarga maktabning o‘ziga xos xususiyatlari, masalan, «tengdosh-tengdoshga» o‘qitish uslubi – bunda ishtirokchilar o‘qish paytida bir-birlaridan o‘rganadilar, moslashuvchan jadvallar, ta’lim jarayonini geymifikasiya qilish va amaliyotga katta e’tibor berish orqali erishiladi.
«Toshkent shahrida "School 21"ning ochilishi axborot texnologiyalarini turli fanlarga integrasiya qilish orqali ta’limga ijobiy o‘zgarishlar kiritadi. Bu talabalarga chuqur bilim, raqamli ko‘nikmalar va ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori darajadagi mutaxassislar bo‘lishda o‘ziga xos imkoniyatlarni beradi. Qolaversa, oliy o‘quv yurtlarining "School 21" bilan hamkorligi talabalarga zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, amaliy loyihalar va jamoaviy ishlar bilan shug‘ullanishlari uchun yo‘l ochadi. Bu ularning dunyoqarashini kengaytiradi, yetakchilik xislatlarini rivojlantiradi va zamonaviy davr muammolarini hal qilish hamda ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qodir mutaxassislarni shakllantiradi», — dedi Bobur Rahimov.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilgan. Bunga erishish uchun IT infratuzilmasi va unga bo‘lgan bozor talabini rivojlantirish hamda xalqaro kompaniyalarni jalb qilish kabi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida soha xizmatlari hajmi 20 foizga oshdi, 200 million dollarlik eksport amalga oshirildi va 5 mingta ish o‘rni yaratildi. IT sanoatining jadal rivojlanishi va kompaniyalar sonining ko‘payishi tufayli mamlakatda malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, davlat tomonidan 300 mingdan ortiq IT mutaxassislarini tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Soha uchun ushbu kadrlarni tayyorlashda esa "School 21" raqamli texnologiyalar maktabi muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, "School 21" O‘zbekiston Respublikasining IT ta’limi yo‘nalishiga tezda moslashdi va mamlakatning raqamli transformasiyasi uchun mustahkam asos yaratdi. Qariyb 8100 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan maktab kampusi Toshkent shahri, Ziyolilar ko‘chasi, 13-uy manzilida joylashadi. "School 21" uzluksiz 24 soat ishlaydi, bu o‘zingizga qulay bo‘lgan har qanday vaqtda o‘qish imkonini beradi.
«Toshkentda "School 21"ning ochilishi – bu mamlakatimiz ta’lim va texnologiya sanoatini rivojlantirishda yana bir muhim qadamdir. Biz faqat ta’lim va innovasiyalar orqali har bir inson o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi mumkin bo‘lgan kelajakni yarata olamiz. Maktab shunchaki ta’lim beradigan joy emas, balki iqtidorli yoshlarning o‘z atrofidagi dunyoni o‘zgartirish uchun bilim, ko‘nikma va ilhom oladigan markazi bo‘lishga intilmoqda. Biz kelajakdagi innovasion jamiyatni shakllantirishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz mumkinligidan faxrlanamiz. Shu o‘rinda, malakali mutaxassislarni tayyorlash va mamlakatimizning axborot texnologiyalari sohasidagi mavqeyini jahon miqyosida mustahkamlash imkonini berayotganligi uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Zarina Luxmanova.
Toshkent shahridagi "School 21" – bu respublikada ikkinchi kampus bo‘ladi. O‘tgan yilning dekabr oyidan ushbu loyiha Samarqandda ishga tushirildi va ayni paytda yuqori talabga ega bo‘lmoqda. Uning o‘tgan davrdagi faoliyati davomida 10 000 dan ortiq aholi asosiy ta’lim uchun ariza topshirgan va IT sohasida o‘zlarini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Shuningdek, bu yerda Samarqandlik ishtirokchilardan tashqari, Toshkent, Buxoro, Jizzax hamda O‘zbekistonning boshqa shaharlaridan kelganlar ham tahsil olmoqda.
Oldinda, ta’lim ishtirokchilarini mamlakatning yirik kompaniyalarida uch oy davom etadigan tajriba amaliyoti kutmoqda. "School 21" bu borada "OsiyoTech", UIC, QUBIT, GAME PRIME STUDIO, IT-Park va IT-Bilim rezidentlari va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan faol hamkorlik olib bormoqda.