Reuters xabariga ko‘ra, Saudiya mudofaa vaziri shahzoda Xolid bin Salmon, Pokiston armiyasi qo‘mondoni feldmarshal Osim Munir va Turkiya razvedka xizmati rahbari Ibrohim Kalin Tehronga kelgan. Ular Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon va Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Muhsin Rizoiy bilan muzokara o‘tkazdi.
Ar-Riyod tashrif "harbiy eskalasiyaning qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik" uchun muzokara kanallarini ochishga qaratilganini ma’lum qildi. Pokistonlik rasmiyning aytishicha, Munir Trampdan diplomatik yo‘lni sinab ko‘rish uchun ruxsat olgan va Eronga yechim taklif qilgan. Bu taklif ham AQSH, ham Eron manfaatlarini hisobga oladi. Reja qabul qilinsa, Makka pakti davlatlari va Qatar kafil bo‘lishi mumkin. Eron esa yadroviy dastur masalasi muhokama qilinmaganini ta’kidladi.
Muhsin Rizoiy bu tashrif "Amerika tahdidlari dunyo davlatlariga kam ta’sir qilishi"ni ko‘rsatganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada "yangi va ijobiy muhit" paydo bo‘lmoqda.
Ushbu uchrashuv Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. Tramp o‘tgan haftada AQSh Eronga yana zarba berishi mumkinligini aytgandi. Eron xavfsizlik rasmiylari esa bunday holatda Fors ko‘rfazidagi suvosti kabellariga hujum qilish rejasini tuzganini ma’lum qildi. Shu kuni husiylar Saudiya Arabistonidagi neft quvuri va Ar-Riyod aeroportiga hujum qilganini da’vo qildi, Misr parlamenti esa Saudiya Arabistoniga harbiy yordam berishni ma’qulladi.