Rossiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘li veyp chekishni taqiqlagani uchun onasidan jahli chiqqan. Shundan so‘ng u onasini o‘ldirib, jasadini chemodanga solgan va o‘rmonzor hududga olib borib tashlagan.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Viborg tumanidagi Pargolovo qo‘rg‘onida O‘zbekistonda tug‘ilgan ayolning jasadi solingan chemodan topildi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
«Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib, marhumaning 15 yoshli o‘g‘li qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.
Rossiya ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 38 yoshli ona va uning o‘g‘li o‘rtasidagi janjal 2 noyabr kuni Yukkovskoye shossesidagi xonadonda sodir bo‘lgan. O‘smir veyp chekishni taqiqlagani uchun onasidan jahli chiqib, uni o‘ldirgan. Keyin jasadni chemodanga joylab, o‘rmonzor hududga olib borgan.
Ayol O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lib, farrosh bo‘lib ishlagan. Uni oxirgi marta 1 noyabr kuni ish joyida ko‘rishgan. Shundan so‘ng u telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygan, biroq qarindoshlari bilan yozishmalarni davom ettirgan. Ushbu xabarlar ayolning singlisiga shubhali tuyulgan va u 11 noyabr kuni polisiyaga murojaat qilgan.
13 noyabr kuni Sankt-Peterburg bo‘yicha Rossiya Tergov qo‘mitasi boshqarmasi matbuot xizmati ekotropa hududidagi chemodan ichidan ayolning jasadi topilganini ma’lum qildi.
Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qotillik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda o‘smirga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash masalasi hal etilmoqda.