2026 yilning 5–6 noyabr kunlari Samarqand shahrida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus birinchi ekspertlar muloqoti o‘z ishini boshlaydi.
Uchrashuv mavzusi — «Raqamli transformasiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish».
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari general-polkovnik B. Qurbonov raisligida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur formatni yo‘lga qo‘yish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. Mirziyoyevga tegishli bo‘lib, ilk bor 2024 yilda SHHTning Ostona shahridagi sammitida yangragan.
2025 yilda Tyanszinda bo‘lib o‘tgan Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus birinchi ekspertlar muloqotini Samarqandda o‘tkazish taklif qilingan edi.
Bo‘lajak uchrashuvda SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchilar, muloqot bo‘yicha hamkorlar maxsus xizmatlarining rahbarlari hamda vakillari, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, taklif etilgan mehmonlar ishtirok etadi.
Dunyoning 24 davlatidan 33 ta delegasiya va 5 ta xalqaro tashkilot vakillari kelishi kutilmoqda.
Uchrashuv doirasida ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektning zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga ta’siri xususida fikr almashilishi ko‘zda tutilgan.
🖥 Muzokaralar yakuni bo‘yicha delegasiyalar rahbarlari raqamli transformasiya davrida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikning aniq vazifalari hamda ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oladilar.