Prezident administrasiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Urgutning chekka qishloqlaridan biridagi 1972 yilda qurilgan «Navoiy» poliklinikasida bo‘lib, muassasa 13 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatayotgani, 16 qishloq aholisi uchun esa tug‘uruq qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyot maskani ekanini qayd etdi.
Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, «Navoiy» poliklinikasi binosi kapital ta’mirga, yangi standartlar joriy etish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj. Uning so‘zlariga ko‘ra, muassasadagi yuklama nihoyatda katta bo‘lib, mavjud sharoit “izoh talab qilmaydi”.
Shuningdek, u bu holatni faqat bir poliklinika muammosi sifatida emas, balki birlamchi tibbiy xizmat tizimidagi keng qamrovli muammolarning aks-sadosi sifatida baholadi. Qayd etilishicha, oldinda diagnostika va davolash standartlarini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash kabi vazifalar turibdi.
Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar bilan birgalikda viloyat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yangi master-reja batafsil muhokama qilingan. Ta’kidlanishicha, jarayon faqat binolarni ta’mirlash bilan cheklanmaydi — birlamchi tibbiy-sanitariya tizimiga bo‘lgan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
Saida Mirziyoyeva sog‘liqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab bo‘lmasligini, bunday holatlar real vaziyatni joyida ko‘rish muhimligini yana bir bor tasdiqlashini bildirdi.