AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Davlat departamentining yuqori lavozimli xodimlaridan o‘z vakolatlari doirasida faoliyat yuritishni talab qildi. Shuningdek, hukumatdagi aloqalaridan qat’i nazar, axloq me’yorlariga zid xatti-harakatlar uchun ishdan bo‘shatilishlari mumkinligidan ogohlantirdi.
Bu haqda Reuters agentligi vaziyatdan xabardor bo‘lgan to‘rtta manbaga tayanib ma’lum qildi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rubio kelishilmagan holda qarorlar qabul qilinishini tanqid qilgan. U muhim tashabbuslar shaxsan o‘zi yoki Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau tomonidan ma’qullanishi shartligini talab qilgan.
«Uchrashuv AQShning Gresiyadagi elchisi Kimberli Gilfoyl iste’foga chiqqanidan keyin bo‘lib o‘tdi. OAV uni prezident Donald Tramp ma’muriyati rasmiylari bilan mukofot evaziga aloqalar o‘rnatishni tashkil qilganlikda ayblagan. Gilfoyl esa bu ayblovlarni rad etgan», — deya qayd etgan agentlik manbalari.
Shuningdek, ular siyosiy rejalashtirish bo‘limi rahbari Jeremi Lyuinning keyinchalik lavozimidan ketishini ham uning kelishilmagan harakatlari yuzasidan bildirilgan e’tirozlar bilan bog‘lashgan. Lyuin esa o‘z xohishi bilan ketganini va bu qarorning yig‘ilishga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
AQSh Davlat departamenti Reuters agentligining mazkur uchrashuv haqidagi ma’lumotlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.