1 noyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyati uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi.
Bu haqda viloyat gubernatori Gleb Nikitin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kechasi va ertalab viloyat osmonida 100 dan ortiq dron yo‘q qilingan. Kstovo tumanidagi sanoat korxonasiga jiddiy zarar yetgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.
Nikitin qaysi korxonaga zarba berilganini aniqlashtirmagan. Biroq qator ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Kstovo shahrida joylashgan «LUKOYL-Nijegorodnefteorgsintez» neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilingan. Internetda tarqalgan videolarda yirik yong‘in aks etgan. Taxminlarga ko‘ra, yong‘in neftni birlamchi qayta ishlash yoki mazutni qayta ishlash qurilmalari hududida sodir bo‘lgan.
«LUKOYL-Nijegorodnefteorgsintez» Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri hisoblanadi. Korxona yoqilg‘i va moylash materiallari ishlab chiqaradi. Uning quvvati yiliga taxminan 17 million tonna neftni yoki sutkasiga qariyb 340 ming barrel neftni qayta ishlashga teng.