AQShning Moskvadagi elchixonasi Rossiya poytaxtida ehtimoliy terrorchilik hujumi yuzasidan shoshilinch ogohlantirish e’lon qildi.
Diplomatik vakolatxona ma’lumotiga ko‘ra, 31 oktyabr kuni «Sarisino» muzey-qo‘riqxonasi hududida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan hodisa sodir etilishi xavfi haqida ishonchli ma’lumot olingan.
Shu munosabat bilan AQSh fuqarolariga mazkur hududga bormaslik, odamlar gavjum joylardan uzoqroq yurish va hushyorlikni oshirish tavsiya etildi.
Shuningdek, elchixona fuqarolarni mahalliy OAV xabarlarini kuzatib borish, telefonlarini quvvatlangan holda saqlash va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni yonida olib yurishga chaqirdi.
Hozircha ehtimoliy hujumning aniq tafsilotlari ochiqlanmagan.