Bu haqda Turkiyadagi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari, turkiy davlatlar bilan aloqalar uchun mas’ul Ko‘rshad Zorlu ma’lum qildi.
Zorluning tushuntirishicha, 2021 yilgi Istanbul sammitida belgilangan qoidalarga ko‘ra, kuzatuvchi maqomini olishni istagan davlat turkiy yoki unga qarindosh tillardan birini butun mamlakat miqyosida davlat yoki rasmiy til sifatida tan olgan bo‘lishi kerak. Rossiyada tatar, boshqird va boshqa turkiy tillar ayrim respublikalarda rasmiy maqomga ega, ammo butun mamlakat bo‘yicha bunday maqom yo‘q.
Shu bilan birga, Rossiya uchun o‘tgan yili ta’sis etilgan TDT+ formati muqobil yo‘l bo‘lishi mumkin. Turkiyalik siyosatchiga ko‘ra, agar Rossiya rasmiy ariza bilan murojaat qilsa, uning taklifi tashkilotning strategik maqsadlari va umumiy manfaatlari nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi. Bunda barcha a’zolarning roziligi talab qilinadi.
TDTning 30 oktyabr kungi Anqara sammitida Qozog‘iston prezidenti To‘qayev Rossiyaga tashkilotda kuzatuvchi maqomini berish yoki TDT+ hamkorlik formatiga qo‘shishni taklif qilgan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qozog‘iston rahbarining taklifiga munosabat bildirib, Moskvaning TDTdagi ishtiroki “tushunarli va maqsadga muvofiq” bo‘lishini bildirdi, lekin hozircha Rossiya rasmiy taklif olmaganini ma’lum qildi.
Turkiy Davlatlar Tashkiloti 2021 yilda, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi negizida tashkil etilgan. Tashkilotga O‘zbekistondan tashqari Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarboyjon va Turkiya a’zo. Vengriya (2018 yildan), Turkmaniston (2021) va Shimoliy Kipr (2022) tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.