Rossiya transport vaziri Andrey Nikitinning ma’lum qilishicha, 8 o‘ringacha bo‘lgan shaxsiy yengil avtomobillarda asosiy nazorat-o‘tkazish punktlari orqali chegarani kesib o‘tish tartibi bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv loyihasi muvofiqlashtirilmoqda.
Kelishuv «Zabaykalsk», «Starosuruxaytuyskiy», «Pogranichniy», «Kraskino» va «Kani-Kurgan» nazorat punktlarini qamrab oladi. Vazirning ta’kidlashicha, masalaning texnik jihatlari allaqachon hal qilingan.
Ayni paytda tomonlar haydovchilik guvohnomalaridan foydalanish muddatini muhokama qilmoqda. Ya’ni rossiyaliklar Xitoyda o‘z milliy haydovchilik guvohnomasi bilan qancha vaqt avtomobil boshqarishi va Xitoy fuqarolari Rossiyada qancha muddat shu tartibdan foydalanishi masalasi kelishilmoqda.