Rossiyada chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llanilayotgan migrasiya cheklovlari sezilarli darajada ko‘paygan. Ayniqsa, mamlakatdan majburiy chiqarish va hududga qayta kirishni taqiqlash bo‘yicha qarorlar soni keskin oshgan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi apparati ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 143,1 mingta ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarish qarori qabul qilingan. Bu 2025 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘p.
Shu bilan birga, 290,8 ming nafar chet el fuqarosining Rossiyaga kirishini taqiqlash to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Mazkur ko‘rsatkich bir yilda 75,2 foizga oshgan.
Xorijliklarning mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddatini qisqartirish holatlari ham 2,5 baravar ko‘payib, 78,7 mingtaga yetgan. Deportasiya qarorlari esa aksincha, 24 foizga kamayib, 4,8 mingtani tashkil qilgan.
Qizig‘i, umumiy ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomalari soni kamaygan. Yanvar–sentyabr oylarida chet el fuqarolariga nisbatan 1,8 millionta bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 22,6 foizga kam.
Bundan tashqari, Rossiyada vaqtincha yashash uchun berilgan ruxsatnomalar 17,1 foizga, yashash guvohnomalari esa 43 foizga qisqargan.