Bu haqda Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda chet el fuqarolari Rossiyaga kirishda giyohvand va psixotrop moddalar iste’mol qilganlik fakti, shuningdek, yuqumli kasalliklar mavjudligi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
Rossiyalik deputatlar tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Rossiyaga uch oydan ortiq muddatga borgan barcha migrantlar uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati 90 kundan 30 kungacha qisqartirilmoqda. Agar migrantda xavfli kasalliklar aniqlansa, u tezkorlik bilan deportasiya qilinadi.
Shuningdek, chet el fuqarolarining tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Ushbu huquqbuzarlik uchun sud qarori bilan Rossiya hududidan chiqarib yuborish imkoniyati bilan 50 ming rublgacha (8,5 mln so‘m) miqdorda jarima belgilanadi.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi ruxsatsiz mitinglarda ishtirok etgan va Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirgan” xorijliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.