Boyqo‘ng‘ir kosmodromidagi start maydonchasi jiddiy shikastlandi, endi Rossiya uzoq vaqt davomida odamlarni fazoga yubora olmaydi.
Bu haqda raketa uchirishlari bo‘yicha tahlilchi Georgiy Trishkin ma’lum qildi.
"Qozog‘iston hududida joylashgan Rossiya boshqaruvidagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromida 27 noyabrda “Soyuz MS-28” rus kosmik kemasi uchirilganidan so‘ng, noma’lum sababga ko‘ra 31-maydonchadagi xizmat ko‘rsatish kabinasi qulab tushgan", — dedi tahlilchi.
Trishkinning ta’kidlashicha, Boyqo‘ng‘irdagi 31-maydoncha — Rossiyaning Xalqaro kosmik stansiyaga odamlarni yuborishga mo‘ljallangan yagona parvoz maydonchasi hisoblanadi. Uning fikriga ko‘ra, “Soyuz” va “Progress” kemalarining Xalqaro kosmik stansiyaga uchirilishi noma’lum muddatga qoldiriladi.
Mutaxassislarning baholashicha, start maydonchasini tiklash ishlari ikki yilgacha cho‘zilishi mumkin. Biroq “Roskosmos” shikastlanishlar yaqin vaqt ichida bartaraf etilishini ma’lum qilgan.