Turkiya o‘z ixtiyoridagi Amerika qurollarini AQShga qaytarib sotishi va keyinchalik ularning Ukrainaga yetkazib berilishi Anqara va Moskva munosabatlarining sovuqlashishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Turkiyaning Ekonomim nashri yozmoqda.
Manbaga ko‘ra, AQSh Turkiyaga avval yetkazib berilgan ayrim harbiy vositalarni qayta sotib olib, ularni Ukrainaga yuborishni rejalashtirmoqda. Hozircha bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan, ammo Anqara Vashingtonning taklifiga ijobiy yondashishi mumkinligi aytilmoqda.
Rossiya tomoni esa bunday ehtimoliy qadamga avvalroq munosabat bildirgan. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Turkiyadan Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarni yetkazib berish Anqara va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlagan.
"Sovuq urush yakunlanganidan keyin iliqlashgan Turkiya-Rossiya munosabatlari yana sovuqlashish davriga kirishi mumkin", — deya vaziyatni baholagan Ekonomim sharhlovchisi.