Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 23 avgust kuni mamlakatning bir palatali parlamenti – Qurultoy saylovi munosabati bilan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
“Vlast” nashri vakili Tamara Vaal Qosim-Jo‘mart To‘qayevdan 2029 yilgi prezidentlik saylovida qatnashish niyati bor yoki yo‘qligini so‘radi.
"Konstitusiyaviy sud shunday qaror qabul qildi. Bu qonuniy, albatta va men qonuniy tartibda qayta saylanish huquqiga egaman. Kelgusi saylov masalasiga yoki siz aytganingizdek, saylovda qatnashish yoki qatnashmasligimga kelsak, bu borada mulohaza yuritishga hali erta. Negaki, qayd etganimdek, mamlakatimiz oldida turgan ko‘plab masalalarni hal etishimiz kerak.
Butun Qozog‘istonni qurilish maydoniga aylantirib, avvalo, fuqarolar uchun ijtimoiy ob’ektlar barpo qilishimiz lozim. Ehtimol, keyingi yili sizga bu bo‘yicha aniqroq javob berarman", – dedi To‘qayev.
Joriy yil iyul oyida Qozog‘iston Konstitusiyaviy sudi Qosim-Jo‘mart To‘qayev yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqida qaror chiqargandi.
Sud talqiniga ko‘ra, mart oyida referendum orqali ma’qullangan va 1 iyuldan e’tiboran kuchga kirgan yangi Konstitusiya amaldagi davlat rahbari To‘qayevga yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishga imkon beradi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayevning prezidentlik muddati 2022 yil noyabrda boshlangan va 2029 yil noyabrda tugaydi.