Xabar berilishicha, dunyodagi eng qarzdor kompaniya hisoblangan China Evergrande Group ko‘chmas mulk kompaniyasi asoschisi va rahbari Xuyey Ka Yan umrbodga qamaldi.
Ushbu qaror kompaniya inqirozi Xitoy iqtisodiyoti va moliya bozorlarini larzaga keltirganidan besh yil o‘tib chiqarildi. O‘z vaqtida Osiyoning eng boy odami bo‘lgan Xuyey Ka Yan o‘ziga qarshi qo‘yilgan sakkizta ayblovni tan oldi. Ayblovlar orasida mablag‘larnini o‘zlashtirish, pul yig‘ishdagi firibgarlik, aholi omonatlarini noqonuniy qabul qilish, noqonuniy kreditlar berish, qimmatli qog‘ozlarni firibgarlik yo‘li bilan chiqarish va poraxo‘rlik bor.
Xitoyning yetakchi developeri bo‘lgan Evergrande o‘zining 300 milliard dollarlik majburiyatlarining aksariyati bo‘yicha defolt e’lon qilgan va qarzlarini to‘lay olmagan. Hukm Xuyeyning barcha shaxsiy mol-mulkini musodara qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Xuyeyga chiqarilgan hukmdan tashqari, sud Evergrande kompaniyasiga 8,82 milliard yuan (1,31 milliard dollar) va uning asosiy sho‘ba korxonasi Hengda'ga 7 milliard yuan jarima soldi. Shuningdek, kompaniyaning yana besh nafar yuqori lavozimli rahbari jarimaga tortilib, 6 yildan 18 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolariga hukm qilindi.
Evergrande Xitoydagi eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri edi, Xuyey Ka Yan esa 2017 yilda 45,3 mlrd dollar boylik bilan Osiyoning eng boy odamiga aylangandi. Evergrande atrofidagi inqiroz 2021 yilning kuzida, kompaniyaning jiddiy moliyaviy muammolari borligi ma’lum bo‘lgach boshlangan. Uning qarzlari 300 milliard dollardan oshib ketgan.