Eron davlat telekanali AQSh prezidentining 20 yoshli o‘g‘li Barron Tramp haqida uch daqiqalik lavha efirga uzatdi. Unda Barronni o‘ldirish uchun 10 million dollar mukofot va’da qilinadi.
Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan videoda AQSh prezidenti o‘g‘lining tez-tez bo‘ladigan joylari va taxminiy manzillari ko‘rsatilgan. Telekanal syujetida uning Vashingtondagi universitetga borish marshruti ham tasvirlangan.
Rolikda bildirilishicha, AQSh maxsus xizmati agentlari Barronni tun-u kun qo‘riqlaydi va o‘zlarini uning universitetidagi talabalar deb ko‘rsatadi. Shu bilan birga, lavhaning katta qismi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan sahnalashtirilgan tasvirlarga asoslangan.
Syujetda Barron Trampga nisbatan suiqasd tayyorlanayotgani haqida hech qanday ishonchli dalil berilmadi. Bu rolik haqida xabar bergan Isroil ommaviy axborot vositalarining qayd etishicha, undagi da’volar haqiqiy xavf borligini tasdiqlamaydi.
Bu Eron davlat ommaviy axborot vositalarining Tramp oilasi a’zolariga birinchi marta tahdid qilishi emas. Bundan avval AQSh birinchi xonimi Melaniya Trampga bag‘ishlangan shunday rolik e’lon qilingan va unda u tez-tez tashrif buyuradigan joylar haqida ma’lumot berilgan edi.